Fakultetimizning “svejiy odamlar”i — birinchi kurslar shu oʻquv yili
boshida gazeta chiqarmoqchi boʻldilar. Aniqrog'i, oldin fakultetda rosa ommalashgan "Xalqaro jurnalist"ni chiqarishni yana yo'lga qo'yishga jazm qilishdi. Mendan maqola soʻrashganida, bir material yozib
berdim. Gazeta tashabbuschilaridan haligacha gazeta qachon chiqishini
soʻrayman. Aytishlaricha, hech kim maqola bermapti. Shunaqa boʻlishi tayin edi
oʻzi. Chunki hozir yozishni bilasanmi, sening kuning fakultet roʻznomasiga
qolmaydi, respublika gazetalaridan tortib, eng koʻp oʻqiladigan saytlar band
qilib oladi seni. Shunaqa payt universitetdagi gazetalar tarozida tosh bosmay
qoladi. Ha, balki bu yaxshidir, balki… Lekin menga fakultetimiz “Qalampir”
degan devoriy gazeta chiqadigʻon zamonlar xoʻb yoqur edi. Tanqidiy qarashlari, mohirona
yozilgan hajviy maqolalar va ular chiqqanidan soʻng sodir boʻladurgʻon
hangomalar. Talabalikning gashtini men “Ma’rifat”da chiqaradigan
maqolalarimizning “Gazetniy korpus”da ovoza boʻlishida emas, oʻqishdagi ijtimoiy
masalalarni yoritib, tengdoshlar munosabatini kuzatishda koʻraman.
Bir kuni bir ingliz tili oʻqituvchisi “Qalampir”da
chiqqan maqolani oʻqishimni soʻrab, “asar” kim haqida ekanini soʻradi. Ha,
tanqid obyekti u edi. Lekin oʻshanda diplomatik javob qilib, “Ustoz, bu har kim
boʻlishi mumkin, balki oʻylab topilgan odamdir” deb, zoʻrgʻa “fortochka” ochgan
edim.Xullasi karochi, shu maqolani yozdim-u, hech qatta chiqmadi. Hayot tashvishlari (:D) meni koʻmgan gʻaflatdan uygʻonganimda toʻldirib turishni rejalashtirganim shu sahifada uni ommalashtirishga qaror qildim. Chunki mana ikki yilga yaqin vaqtdan beri “Oʻzbekistonda xorijiy tillar” internet portalida ishlayapman, tadbirlarga boryapman, hukumat loyihalarini kuzatyapman. Davlat falon soʻm ajratib, talabalar uchun darslik chiqartiribdi, falon mamlakatdan mutaxassis chaqiribdi, faloncha oʻqituvchilar malakasi oshirilibdi, deymiz-u, oʻquvchi va talabalarning tashabbuskorligi, ilmni talab etish koʻnikmasi haqida unutib qoʻyamiz. Bu masala juda muhim. Ta’lim faqat maktabning ishi emas ekan. Oʻrganuvchining mustaqil izlana olish qobiliyatini rivojlantirish oʻquv dasturlarini yangilash bilan bir xil ahamiyatga ega.
BIR QOʻLDAN FAQAT TARSAKI CHIQADI
Telegram'imga xabarlar kelibdi. Doimgidek sinfdoshlar, kursdoshlar va boshqa “kruglar” guruhlarida yangiliklar terilib turibdi, yana uch-toʻrtta "yashil doiralar" ichida esa hozirda Yaponiyadagi APU universitetining xalqaro munosabatlar yoʻnalishida oʻqiyotgan doʻstimning daragi ham bor. U yaqinda Oʻzbekiston yoshlari nomidan Filippindagi anjumanda qilgan ma'ruzasi va taassurotlari haqida yozibdi. Kelasi safar tashkil etilganida men ham ariza topshirishimni taklif qilibdi. Yana bir xabar fakultetimiz talabasi, bir kursdoshimdan ekan. U ingliz tilini oʻquv markaziga borib oʻrganmoqchiligini aytib, men biror YAXSHI joyni tavsiya qilishimni soʻrabdi.Konsultantlik faoliyatimdagi omadsizligimQanday tushunsangiz, tushuning-u, shu paytgacha oʻquv markazlari-yu, ingliz tili oʻqituvchilari boʻyicha konsultant boʻlib ketdim. Kollej paytidan beri har oʻquv yili boshida va ingliz tili oʻqituvchilarining semestr oxiridagi "qiynoqlari" avj pallasida menga repititor soʻrab qilinadigan murojaatlar soni ortadi. Men esa doim ularga ingliz tilini oʻrganish imkoniyatlari haqida gapirib beraman. Ha, maqtanish deb tushunsangiz ham mayli. Samara bermagan ba'zi konsultatsiyalarimga jonim achib yozyapman. Toʻgʻrisida! Men maslahat bergan odamlar ichida hozir nechtasi oʻz yutuqlari bilan maqtana oladi? Sanoqlisi.Bu xatboshidan soʻroqsiz gapni topingNima uchun? Ayb kimda yoki nimada? Oʻnlab oʻquvchilarni yuqori darajalarga olib chiqa olgan-u, ularga kelganda "ingliz tilida tushunarsiz aksentda gapiradi"gan boʻlib qolgan oʻqituvchidami? Yoki jahon tan olgan CEFR dasturi talablari asosida ishlab chiqilgan Straight Forward dasturi dabdalami? Balki oʻqituvchining juda koʻp uyga vazifa berishi va oʻta talabchanligi sabab boʻlgandir? Juda koʻp oʻrganuvchilar uchun oʻzlarining muvaffaqiyatsizliklariga yuqoridagi kabi tashqi ta'sirlar turtki boʻlgan deb oʻylaydi. Nima uchun haftasiga toʻrt marta (E'tibor bering pullik kurslarning aksariyatida ham haftasiga uch marta mashgʻulot oʻtiladi!) ingliz tili darsi oʻtiladigan xalqaro jurnalistika fakulteti bitiruvchilari ichida xorijiy tilda erkin soʻzlasha olmaydiganlar uchrab turibdi?Oshni oʻzingiz pishiring va oshpazdan nolimangMiyamda shu savollarga javob qidira boshlagandim, Telegram'ning jing'rogʻi meni chalgʻitdi. Xabar muallifi yana Yaponiyadagi doʻstim. "Sendan faxrlanaman" mazmunidagi xatimga javoban "wink" smayligi bilan "Bilaman", deb yozib yuboribdi. Yuzimga tabassum yugurdi. U bilan Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasida birga qatnashgan loyihalarimiz, uning takrorlanmas idroki, xazillari va hammani oʻylashga majbur qiladigan savollarini esladim. Afsuski, u mendan oʻquv markazi soʻrab murojaat qilganlardan emas edi, balki men unga IELTS imtihoniga tayyorlov kurslari haqida soʻragandim. "Nima qilasan kurslarni, oʻzing tayyorlansang boʻladi-ku! Internet bor, kutubxonalar bor. Pulingni ham tejarding!" Bu uning falsafasi edi. Uning oʻzi ham hech qachon kurslarga bormagan. Xadra maydonidagi ingliz tili kutubxonalarining birida kuniga bir necha soat sarflab, oʻzi, mustaqil ravishda bilim olgan. Unga havas qilaman rosti. U oʻzi biror narsaga erisha olmagani uchun ustozlari yomonligidan shikoyat qilmagan, darsliklar yoki oʻquv dasturlari nuqsonlarini qidirib, vaqtini bekor ketgazmagan.Misollar koʻp, qancha kerak?Men "Self-Study", mustaqil oʻrganish usuli bilan ingliz tilini juda yaxshi egallagan koʻplarni taniyman. Hozirda IELTS imtihoniga tayyorlanayotganlar oʻrtasida mashhur boʻlgan Englishlife.uz saytini yuritayotgan, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti talabasi Jamshid Ahmadaliyev ham shu usuldan baraka topganlardan. Ustozimiz, ajoyib inson Venera Kayumova ham internetdagi til kurslari orqali oʻzlari ingliz tilini oʻrganayotganlarini koʻrganman. Joyi kelganda aytib olay, ular ingliz tilida yaxshi soʻzlashadilar. Oʻtgan yili universitetimizning Zakovat koʻchasidagi "kampusi"da uchratib qoladiganim koreyalik talabalarning aksariyati ham yotoqxonada oʻzbek tilini goh mustaqil, goh oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha universitetni bitirmagan oddiy talabalar koʻmagida oʻrganganlari haqida eshitganim bor.Fakultetimizdagi biror oʻqituvchidan shikoyat qiladiganlar uchunQoʻpol oʻxshatish boʻlar, lekin qoʻylar hech qachon choʻponsiz, oʻzlari bilib oʻtlab kelmaydilar. Har holda men unaqalarini koʻrmaganman. Bizning omadimiz bor. Biz qoʻy emasmiz. Harakatimizga yarasha boʻlayotgandirda hammasi... Xalqaro jurnalistika fakultetida ingliz tili oʻqituvchilari tez-tez oʻzgarib turadi. Aksariyat oʻzgarishlar talabalarning jamoaviy xohish-irodalari bilan boʻladi. Lekin natija-chi? Men hali hech qanaqa natija sezmadim. Siz-chi? Xulosa shundan iboratki, qalovi topilsa, qor ham yonadi. Siz shunday boʻlingki, uncha yaxshi deb hisoblamagan ustozingiz bilan ham natijaga erisha oling. Vaholangki, buni juda koʻp odamlar uddasidan chiqqan.


Good job man
ReplyDeleteThanks, MMG!
Deletezo`r yozibsiz
ReplyDeleteVery good blog, well written.
ReplyDeleteMoreover, i liked that article about your trip!
Thank you, Beck aka. Keyin trip haqidagi maqolani oxirigacha o'qib ulgurmovdik. Sizbop joylari bor edi. :) Anyway, tashakkurs
DeleteTarsakiday tasir qildi!
ReplyDeleteHar doimgidek maza qilib o‘qidim)))
ReplyDelete