Hayit bayrami. An’anaga koʻra ota-bola bir
shahar aylandik. Manzillarimizdan biri Toshkentning Uchtepa tumani
“Paxtakor” mahallasi boʻldi. Bu yerni koʻpchilik darrov bilib olishi uchun Literaturniy
instituti atrofidagi mahalla deyilsa, kifoya. Bu men katta boʻlgan mahalla. Bu
joydan men 7 yoshlik paytimda koʻchib ketganmiz. Hozirgi Oʻzbekiston davlat
jahon tillari universiteti “kampuschasi”ning “sabzavot bazasi” tomondagi bekati
to’gʻrisida joylashgan koʻchada dadam oʻz ota-onalari va amakilarining oilasi
bilan 36 yil yashaganlar.
Tonggi hayit namozida domla fotixagarchiliklarga
yurmasligimizga qanchalik da’vat etmasinlar, “tarki odat — amri mahol”, deb bu
koʻchada hovlilar darvozasi oldida terib qoʻyilgan oʻrindiqlarda qur’on
tilovatini qildik. Eng qizigʻi, har safar shu mahallaga borsam, hamma meni
taniydi, men esa deyarli hech kimni. Chunki adamga rosa oʻxshar ekanman. Ukam
Saidakbarni ham hamma “kichkina Saidakrom” deb kutib oldi. Hatto qoʻshnimiz
erinmay, men bilan ukamni uyiga olib kirib, oq qora rasmni koʻrsatdi.
“Otangning “kopiyasisanlar-ey”, deb esi ketdi amakini. Hassakashlardan
uzoqlashib, oldin yashagan uyimizga kirdik, qarindoshlardan hol-axvol soʻradik,
suhbatlashdik. Keyin adam sobiq uyimizning toʻgʻrisidagi hovliga olib kirdilar.
Uy toʻrida keksayib, gapirishga qiynalib qolgan, chiroyli roʻmol oʻrab olgan
onaxonni koʻrdim. Uzundan uzoq
duolar qilib oʻtirgan onaning atrofida farzandlar, kelinlar-u, nabiralar girdi
kapalak. Qoʻshnimiz bizning hamma qarindoshlarni, meni va oilamni yaxshi tanir
ekanlar. Hamma haqida soʻradilar. Keyin eshik oldida ikkita ayol paydo boʻldi.
Ular kirishdi, onaxon duo qildilar, hol-axvol soʻradilar, bu payt bizdan ularning
oʻgʻillari xabardor boʻldilar. Yana ikki daqiqadan keyin yana bir yigit keldi.
Keyin bilsam, onaning duolarini olish uchun doim qarindosh-urugʻlar,
tanish-bilishlar kelib turar ekan. Bugun onaxonning qabullari har doimgidan ham
gavjum edi. Adam “sizni koʻrdik, farzandlarimga sizni tanishtirdim, biz endi
boraqolaylik”, desalar, xoji ona ruxsat bermadilar. Yana besh-oʻn daqiqa
oʻtirib dadamning ota-onalari, buvimning doim tansiq taom tayyorlasalar olib
chiqishlari, ayniqsa lagʻmonlari rosa mazali boʻlishi haqida gapirildi. Dodamni
esa “tilla odam” deyishdi. Matluba xola bunday odamlarni hozir topib
boʻlmasligini aytdilar.
Xayr-ma’zur qilib, rahmatlar aytib chiqdik, uyga
keldik. Men esa haligacha oʻylayapman. Oʻlib ketganingdan keyin haqinga duolar qilib,
qilgan ishlaringni minnatdorchilik bilan eslashlari qanchalik yaxshi. Qarib
ketganingda esa shunchaki koʻpni koʻrganliging, odamlarga doim chiroyli muomalada
boʻlib, farzandlaring rohatini koʻrib oʻtirganing haqi-hurmati duo qilishingni
soʻrab ziyorat etib tursalar, bundan aʻlo nima bor.
Men qatnashib yuradigan YLDP tadbirlaridan biriga muvaffaqiyatli
ishbilarmon, Office Market asoschilaridan biri Husan Mamasaidov kelganida,
“Begin with the end in mind”, degan iborani iqtibos qilgandilar. Hayotda eng
oliy maqsadingiz nima ekanini aniqlab oling degandilar. Men uchun oʻsha “end” —
oliy maqsad, shunday koʻrkam qariya boʻlish. Odamlar meni buvi-bobolarimni
eslashayotgani kabi eslasinlar.
Buvim 81-maktabda 39 yil dars berganlar. Buvam esa
turli tashkilotlarda muhosiblik vazifasida ishlaganlar. Er-xotin farzandlarini
hech kimdan kam qilmaslik uchun qoʻshimchasiga novvoychilik ham qilishgan.
Buvim boshlangʻich sinf oʻquvchilariga tarbiya berganlar. Halol pul topay degan
buvam esa katta tashkilotlarning buxgalteriyalarida ishlab turib, qancha koʻp
imkoniyatlar boʻlganda ham ta’magirlik qilmaganlar. Ta’magirlik mayli-kuya,
rahbarlarga biroz “paxta qoʻygan”larida uy-joy olish imkoniyatlari boʻlgan
boʻlsa ham, oʻz prinsiplariga sodiq qolganlar. Predkilarim hech kimning haqiga
xiyonat qilishmagan. Ular qanday qiyinchiliklarni koʻrishmagan deysiz.
Bir ayb ish qilib qoʻyib, xudoyim mani yaxshi koʻrgani
uchunmi, omadim borligi uchunmi, “jinoyat” ustida qoʻlga olindim. Ba’zi
tanishlarim, yaqinlarim, meni hurmat qiladiganlar orasida obroʻyim toʻkildi.
Qilar ishni qilib qoʻyganman-ku, nimaligini aytishga uyalyapman… Xullas, shu
voqeadan keyin ancha ta’sirlandim, oʻzimdan jirkandim. Bir necha tun
uxlolmadim, qoʻlim ishga bormadi. Keyin qaror qildim, halollik hayotiy
prinsipimga aylansin. Bu narsa kimga yoqadi, kimga yoqmaydi, bu ikkinchi
masala. Vijdonimiz toza boʻlsin, shunisi muhim.
Men ham valyutchiklar, bozordagi “soygaklar”, oʻzini
biznesmen deb ataydigan insofsiz “spekyulantlar”, firibgarlar-u fonogrammachi
qoʻshiqchilarning yoʻlini tanlamayman. Mayli gʻaribroq yashay, lekin ismim
yaxshi odamlar haqidagi gurunglarni boyitsin!



