Monday, January 11, 2016

Шикоят дафтарчасидаги раҳматлар


Ууооооаааххх! (Эснадим =)) Яна уйғондим. Миямда айланаётган бу галги мавзу — МУОМАЛА! Мени "уйғотган" ва шу блогпостни ёзишга ундаган нарса бугун менга қилинган яхши муомала. Ҳа! Тасаввур қилаяпсизми, мен ўзимга кўрсатилган сифатли хизмат ҳақида ёзаяпман.

Биринчи курсда "Янгиликлар журналистикаси" дарсидан бир нарса ўтгандик: "Ит одамни тишласамас, одам итни тишласа, янгилик бўлади..."
Шунақа. Менинг бирор ташкилот, компания, дўкон ёки пайнет хизматидан шикоят қилишимнинг янгилиги қолмаган. Бу худди оммавий ахборот воситаларидаги "Давра суҳбати ўтказилди" деган жиннича сарлавҳага ўхшаб қолган. Бугун менга кўрсатилган хизмат сифатидан таассуротларга тўлиб, "Бензоколонка маликаси" фильмидагидек, шикоят дафтари сўраб, унда оператор қизга бир хат ёзгим келди.

Ҳурматли оператор,
Уздижитл Тиви компаниясида ишлайдиган чиройли қиз (опа дегим келмади. Умуман олганда, у опамдан ҳам катта. Лекин ўзбек эстрадаси юлдузларидан бири менга айтганидек, ҳамманинг олдида исми орқасидан "опа" қўшиб айтишим хижолатли), отангизга раҳмат. Балки сизнинг отангиз ҳам менинг падарим каби "Тилинг ширин бўлсин, болам. Қўлинг доим кўксингда бўлсин. Шунда ҳаётда доим ютасан" деган насиҳат билан сизни тарбиялагандир. Балки сизга ҳам қўшнингиз ёки қариндошларингизнинг "Бошингни баланд кўтариб юр! Тилингни бермагин! Одамларга қўйиб берсанг, бошингга чиқиб олади" деган гаплар билан катта бўлган фарзандлари — тенгдошларингизнинг фикрлаши ғалати туюлгандир. 
Кун бўйи қоғозларга кўмилган ва иш куни тугашига йигирма дақиқа қолганда фавқулодда мулойимлик билан мурожаатимга жавоб берган ходима, устозларингизга раҳмат. Уларнинг яхши одам бўлганликлари аниқ. Сиз ишлатаётганингиз ва мен тушунмаётганим терминларнинг ишонч билан янграши ва юзингиздан ёғилаётган нур, ўша "юз-кўзнинг ўзи айтадиган интеллект" ҳам бунинг исботи.
Мендан олдинги мижозларингиз қилаверган хатоларнинг олдини олишга уринаётган профессионал, раҳбарларингизга раҳмат. Кўриниб турибди, бу ташкилотда "тех. учёба", ходимларга панд-насиҳат қилиш деган нарсалар йўлга қўйилган. Яхши тўлашса ҳам керак. (Лекин дўконга кирганимда смартфон ўйнаб ўтириб, совуққонлик билан жавоб қайтарадиганлар ва ўтган куни аптекада қўполлик қип ташаган братан ёки "Халқ банки"да ИНПСим бўйича низашто мани сарсон қиган ану "соплячка"дан кўп топмайсиз, биламан). 
Ўзингизга ҳам раҳмат! Буни айтдим, сиз "Саломат бўлинг!" дедингиз. Бир неча дақиқа мени ғамим билан "яшаганингиз" учун раҳмат! Турмушга чиқмаган бўлсангиз, яхши жойлардан ато қилсин. (Шунақа келинойим бўлса, жон дердим лекин.) Оилали бўлсангиз, бир-бириланинг бахтингизга соғ бўлинг. Фарзандларингиз ҳам шунақа чехраси очиқ бўлсин. Нима ҳунар қилмасин, ким билан муомалага киришмасин, муҳими — мол бўлмасин. Ишларингизга ривож тилайман.
Ҳурмат билан,
Саидазиз 


Ишини севиб қиладиганлар кам бизда. Ёшлардан бунақа нарса кутгиси келмайди одамнинг. Инсонларнинг ўзаро муносабатларининг мана шу ажойиб кўриниши "хизмат кўрсатувчи-мижоз"нинг чиройли алоқаларисиз ҳаёт қанчалик зерикарли, хунук ва стрессларга бой. Мижоз сифатида нолидиган иккита жойим бор.
Биринчиси, Тошшаҳартранс, иккинчиси эса университетим.


Сентябрь ойида ҳали талабалик гувоҳномамга бу йилги мухри туширтиришга улгурмаган кезларим, "студенческий"имни мусодара қилишди. Аввалига узримни сўрадим, кейин ичимда йиғилиб ётган аламзадалик кондукторнинг ўзига ўзи қилганини тушуниб етишига опкелди. Ўша "паттачи"дан гувоҳномаси, формасини сўрадим. Талабалик гувоҳномасини олиб қўйиш ва қайтариш эвазига йўл ҳақи сўраш ҳақидаги ҳужжатни кўрсатишларини талаб қилдим. Бахтимга (улар учун бахтга қарши) автобусдагилар менинг ҳимоямга ўтишди. Ана шунақа! Мен тўламадим. Гап минг сўмда эмас, мижознинг қадрида, инсон қадри, унинг демократик ҳуқуқлари ҳақида.

Мен шарқона тарбия кўрганман. Тўртинчи синфгача бизни ўқитган устозим ҳатто урганлар ҳам мени кўп марта. Устоз-шогирд муносабатлари олий қадрият. Тақдир устозларни менга ўргатувчи қилиб тайинлаганми, улардан нолимайман, уларга беҳурматлик қилмайман, улар нима деса, "хўп" дейман. ЛЕКИН! Мен аудиторияда ёки домлаларим олдида тарбияга, синов ва қийновларга муҳтож ниҳолдирман, маркетинг бўлимида-чи? Мен у ерда мижозман. Ҳа, мен етти мингтадан биттасиман, аммо нима қилганда ҳам, мен мижозман. Ота-онам ойлаб топган пулларини контрактга тўлаяпти. Ўтган йили университетимиз маркетинг бўлимида бюрократик тўсиқларга дуч келганимда, ишларим пайсалга солинганда ва бунинг ҳаммаси мен шунчаки бир талаба (танишларимдан биттаси айтганидек, айбланиши ва жазоланиши осон бўлган одам) бўлгани учун таҳқирланганимда қилган тўполонларим эсимга тушади. Ўша пайт овозларни диктофонга ёзиб олгандим, эски интервьюларимни излаганимда чиқиб қолади ҳар замон. 

2016 йил 11 январь.   




Sunday, December 27, 2015

Och qolsam ham, vijdonimga qarshi ish qilmayman

Hayit bayrami. An’anaga koʻra ota-bola bir shahar aylandik. Manzillarimizdan biri Toshkentning Uchtepa tumani “Paxtakor” mahallasi boʻldi. Bu yerni koʻpchilik darrov bilib olishi uchun Literaturniy instituti atrofidagi mahalla deyilsa, kifoya. Bu men katta boʻlgan mahalla. Bu joydan men 7 yoshlik paytimda koʻchib ketganmiz. Hozirgi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti “kampuschasi”ning “sabzavot bazasi” tomondagi bekati to’gʻrisida joylashgan koʻchada dadam oʻz ota-onalari va amakilarining oilasi bilan 36 yil yashaganlar.
Tonggi hayit namozida domla fotixagarchiliklarga yurmasligimizga qanchalik da’vat etmasinlar, “tarki odat — amri mahol”, deb bu koʻchada hovlilar darvozasi oldida terib qoʻyilgan oʻrindiqlarda qur’on tilovatini qildik. Eng qizigʻi, har safar shu mahallaga borsam, hamma meni taniydi, men esa deyarli hech kimni. Chunki adamga rosa oʻxshar ekanman. Ukam Saidakbarni ham hamma “kichkina Saidakrom” deb kutib oldi. Hatto qoʻshnimiz erinmay, men bilan ukamni uyiga olib kirib, oq qora rasmni koʻrsatdi. “Otangning “kopiyasisanlar-ey”, deb esi ketdi amakini. Hassakashlardan uzoqlashib, oldin yashagan uyimizga kirdik, qarindoshlardan hol-axvol soʻradik, suhbatlashdik. Keyin adam sobiq uyimizning toʻgʻrisidagi hovliga olib kirdilar. Uy toʻrida keksayib, gapirishga qiynalib qolgan, chiroyli roʻmol oʻrab olgan onaxonni koʻrdim. Uzundan uzoq duolar qilib oʻtirgan onaning atrofida farzandlar, kelinlar-u, nabiralar girdi kapalak. Qoʻshnimiz bizning hamma qarindoshlarni, meni va oilamni yaxshi tanir ekanlar. Hamma haqida soʻradilar. Keyin eshik oldida ikkita ayol paydo boʻldi. Ular kirishdi, onaxon duo qildilar, hol-axvol soʻradilar, bu payt bizdan ularning oʻgʻillari xabardor boʻldilar. Yana ikki daqiqadan keyin yana bir yigit keldi. Keyin bilsam, onaning duolarini olish uchun doim qarindosh-urugʻlar, tanish-bilishlar kelib turar ekan. Bugun onaxonning qabullari har doimgidan ham gavjum edi. Adam “sizni koʻrdik, farzandlarimga sizni tanishtirdim, biz endi boraqolaylik”, desalar, xoji ona ruxsat bermadilar. Yana besh-oʻn daqiqa oʻtirib dadamning ota-onalari, buvimning doim tansiq taom tayyorlasalar olib chiqishlari, ayniqsa lagʻmonlari rosa mazali boʻlishi haqida gapirildi. Dodamni esa “tilla odam” deyishdi. Matluba xola bunday odamlarni hozir topib boʻlmasligini aytdilar.
Xayr-ma’zur qilib, rahmatlar aytib chiqdik, uyga keldik. Men esa haligacha oʻylayapman. Oʻlib ketganingdan keyin haqinga duolar qilib, qilgan ishlaringni minnatdorchilik bilan eslashlari qanchalik yaxshi. Qarib ketganingda esa shunchaki koʻpni koʻrganliging, odamlarga doim chiroyli muomalada boʻlib, farzandlaring rohatini koʻrib oʻtirganing haqi-hurmati duo qilishingni soʻrab ziyorat etib tursalar, bundan aʻlo nima bor.
Men qatnashib yuradigan YLDP tadbirlaridan biriga muvaffaqiyatli ishbilarmon, Office Market asoschilaridan biri Husan Mamasaidov kelganida, “Begin with the end in mind”, degan iborani iqtibos qilgandilar. Hayotda eng oliy maqsadingiz nima ekanini aniqlab oling degandilar. Men uchun oʻsha “end” — oliy maqsad, shunday koʻrkam qariya boʻlish. Odamlar meni buvi-bobolarimni eslashayotgani kabi eslasinlar. 
Buvim 81-maktabda 39 yil dars berganlar. Buvam esa turli tashkilotlarda muhosiblik vazifasida ishlaganlar. Er-xotin farzandlarini hech kimdan kam qilmaslik uchun qoʻshimchasiga novvoychilik ham qilishgan. Buvim boshlangʻich sinf oʻquvchilariga tarbiya berganlar. Halol pul topay degan buvam esa katta tashkilotlarning buxgalteriyalarida ishlab turib, qancha koʻp imkoniyatlar boʻlganda ham ta’magirlik qilmaganlar. Ta’magirlik mayli-kuya, rahbarlarga biroz “paxta qoʻygan”larida uy-joy olish imkoniyatlari boʻlgan boʻlsa ham, oʻz prinsiplariga sodiq qolganlar. Predkilarim hech kimning haqiga xiyonat qilishmagan. Ular qanday qiyinchiliklarni koʻrishmagan deysiz.
Bir ayb ish qilib qoʻyib, xudoyim mani yaxshi koʻrgani uchunmi, omadim borligi uchunmi, “jinoyat” ustida qoʻlga olindim. Ba’zi tanishlarim, yaqinlarim, meni hurmat qiladiganlar orasida obroʻyim toʻkildi. Qilar ishni qilib qoʻyganman-ku, nimaligini aytishga uyalyapman… Xullas, shu voqeadan keyin ancha ta’sirlandim, oʻzimdan jirkandim. Bir necha tun uxlolmadim, qoʻlim ishga bormadi. Keyin qaror qildim, halollik hayotiy prinsipimga aylansin. Bu narsa kimga yoqadi, kimga yoqmaydi, bu ikkinchi masala. Vijdonimiz toza boʻlsin, shunisi muhim.

Men ham valyutchiklar, bozordagi “soygaklar”, oʻzini biznesmen deb ataydigan insofsiz “spekyulantlar”, firibgarlar-u fonogrammachi qoʻshiqchilarning yoʻlini tanlamayman. Mayli gʻaribroq yashay, lekin ismim yaxshi odamlar haqidagi gurunglarni boyitsin! 

Tuesday, December 22, 2015

SOTSIOLOGIYA DARSIDAGI MINI-GIPNOZ

Payshanba kuni birinchi para qanaqadir МЧС haqidagi fan. Ikkinchi para sotsiologiya, keyin ingliz tili xullas, deyarli muhim fanlar yoʻqdek. Xohlab, xohlamay, ertalab Instagram’imni titkilagancha, sekin ostonovkaga yurib chiqdim. Eh, 150 oʻtib ketdi. Keyingisi yarim soatdan keyin keldi. Vabo, oʻlat, ebola haqidagi darsga 20 daqiqa kechikib keldim. Amallab oʻtkazdik. Ikkinchi para tuzukroq. Sotsiologiya domla yaxshi pedagog, doim qiziq narsalar haqida gapirib beradi. Oldida uyatga qolmaslik uchun bir ikki bet mavzuni oʻqiymikin, deb kursdoshlarimdan soʻrasam, bu safar psixologik test oʻtkazishlarini aytishdi. Zoʻr-ku!

Keldilar, oʻtgan darslarni bir takrorladik. Oʻtgan mavzu: «Подсознание. Схема психики человека по Зигмунду Фрейду» Yelena Elvirovna, domlamizning ismi shunaqa, chiroylikkina, yoshi, hayotiy tajribasi katta ayol, lekin yoshlarni tushunishga harakat qiladi. Xullas, bir varaqdan qogʻoz olishimizni soʻradilar. Erinmasangiz, siz ham ichki psixikangizni bilishingizga yordam beruvchi shu testni oʻzingizda sinab koʻring.

Ustozimiz men ich-ichimdan qiziqib ketayotganimiz seansni boshladilar.

“Koʻzingizni yumib, oʻrmonni tasavvur qiling. Uni bir sidira kuzatib, koʻzingizni oching va u qanday koʻrinishda ekani, siz qayerda turganingiz haqida qaydlar yozib qoʻying.”
Hammasini batafsil qogʻozga tushirdim.

“Yana koʻzni yumib, oʻrmon boʻylab harakatlaning. Oldingizdan bir hayvon chiqdi. U qanaqa jonzot? Sizning unga munosabatingiz qanaqa? Undan qoʻrqyapsizmi?”
Yana qaydlar yozdik. Hech kim bir-biriga nima tasavvur qilganini aytmayapti, test oʻrtasida «Медведь!» deb, baqirvorgan Azizadan tashqari.

“Yumuq koʻzlar bilan yana diqqatni jamlab, oʻrmonning ochiqroq joyiga keling. U yerda ot turibdi. U qanaqa? Rangi, koʻrinishi qanday? Sizning unga munosabatingiz qanaqa? Unga yaqinlashdingizmi? Mindingizmi? Yozib oling…”
OK. Endi-chi?

“Oldingizdan koʻl chiqdi. Nima qilyapsiz? Uning koʻrinishi, sizning munosabatingiz qanaqa?”
Done! Next…

“Oʻrmondan olib chiqib ketadigan koʻcha chiqdi. Undan yura boshlang. U qanaqa koʻcha? Yoʻlning oxiriga yetib qoldingiz. Oʻrmondan chiqdingiz. Nimani koʻryapsiz? Hammasini yozib oling.”
Boʻldimi? Ta’birlarga navbat!

Ustozimiz demokratik prinsiplarga asoslangan holda hammadan oʻz tasavvurlari haqida soʻrab, uning nimani bildirishini aytishni boshladilar. Oʻrmon bizning hayotni qanday koʻrishimiz ekan. Men kuzgi, yorugʻ, kichkinagina oʻrmonni tasavvur qilgan edim. Kuzgi oʻrmonni koʻz oʻngimga keltirganim hayotning zavqini umr oxirida koʻrishimni, uning yorugʻligi optimistligim va oʻrmon kichkinaligi umrim davomida har qanday masalaga bosiqlik bilan yondosha olishimni anglatar ekan. Kimdir mavsumiy oʻrmonlarni, ulkan archalar-u, qaragʻaylarni tasavvur etibdi. Bu ular hayotda oʻzini juda kichik odam deb bilishidan darak berarkan.
Keyingisi hayvon. Bu oʻzimiz ekan. Buni eshitib, hamma kuldi. Men bechora esa tasavvur qilgan narsamning ruscha nomi uyoqda tursin, oʻzbekchasini topish bilan ovora edim. Tinmay yerda timirsikilanayotgan uzun tumshuqli choʻchqaga oʻxshash maxluqni ta’riflasam, buni chumolixoʻr deyishlarini bilib oldim. Qiziq, otiniyam bilmidiganim mashu aji-buji narsa qattan tasavvurimga keldi. Xullas, Yelena Elvirovnaning tushuntirishlari boʻyicha, doim nimadirni qidirib, iskab, timirsikilanib yurarkanman. Bu meni podsoznaniyam ekan. OK. Kimdir koala, yana kimdirlar boʻrining ne ma’no berishini soʻrashdi. Koala-odam yalqovroq, oʻta ehtiyotkor, boʻri kuchli va epchil ekanini aytdilar.
Xop, oʻrmonning ochiq joyichi? Otchi? Otni tasavvur qilish uchun koʻp vaqt berishgandek. Men koʻz oʻngimga otni keltirdim-u, tezroq shu safargi koʻz yumish tugashini tilagandim. Ustozimiz obdon otlarimiz haqida soʻradilar. Bitta qizimiz yakkashoxni tasavvur qilgani, unda osmonlarga uchganini aytdi. Qizigʻi, koʻpchilik unga mingashib koʻrgan. Men esa qoravoy otga yaqinlashmadim ham. Ot – bu muhabbat ramzi ekan. Bizning oʻz juftimizni qanday koʻrishimiz ekan. Bundan chiqdi, men muhabbat bobida tashabbuskor emasman. Umuman sevishni bilmayman, desa ham boʻladi. Siz-chi? J Bizning guruhdagi koʻpchilik romantik chiqdi. Ayniqsa, jimgina yuradigan oʻsha kursdoshimning bir pasda otda uchib kelganini aytmaysizmi? Lol
Koʻl deyilganda men Amerikaga borganimda koʻrgan koʻlmakni eslabman negadir. U ham oʻrmon yaqinida joylashgan edi. Juda boʻgʻiq rangda, yuzasida esa baliqlar oʻlib yotardi. Shuni aytganimda, oʻta artistik harakatlari bilan yoqalarini ushlagancha, «Ужас!» dedilar. Hammaning fikrini eshitib, oxirida bu suv nimani bildirishini aytganlarida oʻzim ham shunday dedim. Koʻl bizning jinsiy aloqaga munosabatimiz ekan! Oʻzimni gʻalatiligimni sezishga undayotgan kursdoshlarim tasavvurlari esa ularning ancha “sexy”ligini koʻrsatdi. Ikkitasi choʻmilibdi suvda, bittasi oʻzining aytishi boʻyicha “shunchaki oyogʻini chaygan.” Ustozim menga u narsa haqida juda yomon xayolda ekanim, bu fikrimni oʻzgartirishim kerakligini aytdilar. Aha, harakat qilaman.
Keyingisi koʻcha edi. Men oʻsha koʻlmak yonidagi oʻsha yoʻlni xayol qildim. U asfalt koʻcha. Koʻcha oxirida esa avtovokzal bor edi. Ufqda esa juda chiroyli qishloqcha koʻrinardi. Avtobuslar oʻsha yerga eltadi. Men chiqishni moʻljallayotgan PAZ avtobusda esa dilimni ogʻritgan bir inson konduktorlik qilayotgan ekan.
Yoʻl va manzil bizning hayotda muammolarni hal etish va kelajagimiz haqidagi tasavvurlarimiz ekan. Xullas, men muammolarga konstruktiv yechim toparkanman va kelajagimni juda chiroyli, gʻanimlarim esa xor boʻlgan holatda tasavvur qilarkanman. Qoyil! Koʻplari juda toʻgʻri chiqdi. Boʻlarkan-ku shunaqa darslar boʻp tursa! Gipnoz menga yoqdi. Siz ham oʻzingizda sinab koʻring.

Monday, December 21, 2015

GAZETADA CHOP ETILMAGAN MAQOLAM

 Fakultetimizning “svejiy odamlar”i — birinchi kurslar shu oʻquv yili boshida gazeta chiqarmoqchi boʻldilar. Aniqrog'i, oldin fakultetda rosa ommalashgan "Xalqaro jurnalist"ni chiqarishni yana yo'lga qo'yishga jazm qilishdi. Mendan maqola soʻrashganida, bir material yozib berdim. Gazeta tashabbuschilaridan haligacha gazeta qachon chiqishini soʻrayman. Aytishlaricha, hech kim maqola bermapti. Shunaqa boʻlishi tayin edi oʻzi. Chunki hozir yozishni bilasanmi, sening kuning fakultet roʻznomasiga qolmaydi, respublika gazetalaridan tortib, eng koʻp oʻqiladigan saytlar band qilib oladi seni. Shunaqa payt universitetdagi gazetalar tarozida tosh bosmay qoladi. Ha, balki bu yaxshidir, balki… Lekin menga fakultetimiz “Qalampir” degan devoriy gazeta chiqadigʻon zamonlar xoʻb yoqur edi. Tanqidiy qarashlari, mohirona yozilgan hajviy maqolalar va ular chiqqanidan soʻng sodir boʻladurgʻon hangomalar. Talabalikning gashtini men “Ma’rifat”da chiqaradigan maqolalarimizning “Gazetniy korpus”da ovoza boʻlishida emas, oʻqishdagi ijtimoiy masalalarni yoritib, tengdoshlar munosabatini kuzatishda koʻraman.
Bir kuni bir ingliz tili oʻqituvchisi “Qalampir”da chiqqan maqolani oʻqishimni soʻrab, “asar” kim haqida ekanini soʻradi. Ha, tanqid obyekti u edi. Lekin oʻshanda diplomatik javob qilib, “Ustoz, bu har kim boʻlishi mumkin, balki oʻylab topilgan odamdir” deb, zoʻrgʻa “fortochka” ochgan edim.
Xullasi karochi, shu maqolani yozdim-u, hech qatta chiqmadi. Hayot tashvishlari (:D) meni koʻmgan gʻaflatdan uygʻonganimda toʻldirib turishni rejalashtirganim shu sahifada uni ommalashtirishga qaror qildim. Chunki mana ikki yilga yaqin vaqtdan beri “Oʻzbekistonda xorijiy tillar” internet portalida ishlayapman, tadbirlarga boryapman, hukumat loyihalarini kuzatyapman. Davlat falon soʻm ajratib, talabalar uchun darslik chiqartiribdi, falon mamlakatdan mutaxassis chaqiribdi, faloncha oʻqituvchilar malakasi oshirilibdi, deymiz-u, oʻquvchi va talabalarning tashabbuskorligi, ilmni talab etish koʻnikmasi haqida unutib qoʻyamiz. Bu masala juda muhim. Ta’lim faqat maktabning ishi emas ekan. Oʻrganuvchining mustaqil izlana olish qobiliyatini rivojlantirish oʻquv dasturlarini yangilash bilan bir xil ahamiyatga ega.
 BIR QOʻLDAN FAQAT TARSAKI CHIQADI

Telegram'imga xabarlar kelibdi. Doimgidek sinfdoshlar, kursdoshlar va boshqa “kruglar” guruhlarida yangiliklar terilib turibdi,  yana uch-toʻrtta "yashil doiralar" ichida esa hozirda Yaponiyadagi APU universitetining xalqaro munosabatlar yoʻnalishida oʻqiyotgan doʻstimning daragi ham bor. U yaqinda Oʻzbekiston yoshlari nomidan Filippindagi anjumanda qilgan ma'ruzasi va taassurotlari haqida yozibdi. Kelasi safar tashkil etilganida men ham ariza topshirishimni taklif qilibdi. Yana bir xabar fakultetimiz talabasi, bir kursdoshimdan ekan. U ingliz tilini oʻquv markaziga borib oʻrganmoqchiligini aytib, men biror YAXSHI joyni tavsiya qilishimni soʻrabdi.
Konsultantlik faoliyatimdagi omadsizligim
Qanday tushunsangiz, tushuning-u, shu paytgacha oʻquv markazlari-yu, ingliz tili oʻqituvchilari boʻyicha konsultant boʻlib ketdim. Kollej paytidan beri har oʻquv yili boshida va ingliz tili oʻqituvchilarining semestr oxiridagi "qiynoqlari" avj pallasida menga repititor soʻrab qilinadigan murojaatlar soni ortadi. Men esa doim ularga ingliz tilini oʻrganish imkoniyatlari haqida gapirib beraman. Ha, maqtanish deb tushunsangiz ham mayli. Samara bermagan ba'zi konsultatsiyalarimga jonim achib yozyapman. Toʻgʻrisida! Men maslahat bergan odamlar ichida hozir nechtasi oʻz yutuqlari bilan maqtana oladi? Sanoqlisi.
Bu xatboshidan soʻroqsiz gapni toping
Nima uchun? Ayb kimda yoki nimada? Oʻnlab oʻquvchilarni yuqori darajalarga olib chiqa olgan-u, ularga kelganda "ingliz tilida tushunarsiz aksentda gapiradi"gan boʻlib qolgan oʻqituvchidami? Yoki jahon tan olgan CEFR dasturi talablari asosida ishlab chiqilgan Straight Forward dasturi dabdalami? Balki oʻqituvchining juda koʻp uyga vazifa berishi va oʻta talabchanligi sabab boʻlgandir? Juda koʻp oʻrganuvchilar uchun oʻzlarining muvaffaqiyatsizliklariga yuqoridagi kabi tashqi ta'sirlar turtki boʻlgan deb oʻylaydi. Nima uchun haftasiga toʻrt marta (E'tibor bering pullik kurslarning aksariyatida ham haftasiga uch marta mashgʻulot oʻtiladi!) ingliz tili darsi oʻtiladigan xalqaro jurnalistika fakulteti bitiruvchilari ichida xorijiy tilda erkin soʻzlasha olmaydiganlar uchrab turibdi?
Oshni oʻzingiz pishiring va oshpazdan nolimang
Miyamda shu savollarga javob qidira boshlagandim, Telegram'ning jing'rogʻi meni chalgʻitdi. Xabar muallifi yana Yaponiyadagi doʻstim. "Sendan faxrlanaman" mazmunidagi xatimga javoban "wink" smayligi bilan "Bilaman", deb yozib yuboribdi. Yuzimga tabassum yugurdi. U bilan Britaniya Kengashining Oʻzbekistondagi vakolatxonasida birga qatnashgan loyihalarimiz, uning takrorlanmas idroki, xazillari va hammani oʻylashga majbur qiladigan savollarini esladim. Afsuski, u mendan oʻquv markazi soʻrab murojaat qilganlardan emas edi, balki men unga IELTS imtihoniga tayyorlov kurslari haqida soʻragandim.  "Nima qilasan kurslarni, oʻzing tayyorlansang boʻladi-ku! Internet bor, kutubxonalar bor. Pulingni ham tejarding!" Bu uning falsafasi edi. Uning oʻzi ham hech qachon kurslarga bormagan. Xadra maydonidagi ingliz tili kutubxonalarining birida kuniga bir necha soat sarflab, oʻzi, mustaqil ravishda bilim olgan. Unga havas qilaman rosti. U oʻzi biror narsaga erisha olmagani uchun ustozlari yomonligidan shikoyat qilmagan, darsliklar yoki oʻquv dasturlari nuqsonlarini qidirib, vaqtini bekor ketgazmagan.
Misollar koʻp, qancha kerak?
Men "Self-Study", mustaqil oʻrganish usuli bilan ingliz tilini juda yaxshi egallagan koʻplarni taniyman. Hozirda IELTS imtihoniga tayyorlanayotganlar oʻrtasida mashhur boʻlgan Englishlife.uz saytini yuritayotgan, Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti talabasi Jamshid Ahmadaliyev ham shu usuldan baraka topganlardan. Ustozimiz, ajoyib inson Venera Kayumova ham internetdagi til kurslari orqali oʻzlari ingliz tilini oʻrganayotganlarini koʻrganman. Joyi kelganda aytib olay, ular ingliz tilida yaxshi soʻzlashadilar. Oʻtgan yili universitetimizning Zakovat koʻchasidagi "kampusi"da uchratib qoladiganim koreyalik talabalarning aksariyati ham yotoqxonada oʻzbek tilini goh mustaqil, goh oʻzbek tilini oʻqitish boʻyicha universitetni bitirmagan oddiy talabalar koʻmagida oʻrganganlari haqida eshitganim bor.
Fakultetimizdagi biror oʻqituvchidan shikoyat qiladiganlar uchun
Qoʻpol oʻxshatish boʻlar, lekin qoʻylar hech qachon choʻponsiz, oʻzlari bilib oʻtlab kelmaydilar. Har holda men unaqalarini koʻrmaganman. Bizning omadimiz bor. Biz qoʻy emasmiz. Harakatimizga yarasha boʻlayotgandirda hammasi... Xalqaro jurnalistika fakultetida ingliz tili oʻqituvchilari tez-tez oʻzgarib turadi. Aksariyat oʻzgarishlar talabalarning jamoaviy xohish-irodalari bilan boʻladi. Lekin natija-chi? Men hali hech qanaqa natija sezmadim. Siz-chi? Xulosa shundan iboratki, qalovi topilsa, qor ham yonadi. Siz shunday boʻlingki, uncha yaxshi deb hisoblamagan ustozingiz bilan ham natijaga erisha oling. Vaholangki, buni juda koʻp odamlar uddasidan chiqqan. 

Friday, March 20, 2015

Ўзбекистон ёшлари ўртасида тарқалган ТОП 5 замонавий касаллик

Икки ҳафтадан бери гриппман. Менда бу касал иситмасиз ўтмайди. Шунақа ҳолсизланиб ётганимни раҳматли додам кўрганларида мени яхшилаб урушиб берган бўлардилар. “Экология ёмонлашганми ёки шунчаки дангасамисанлар? Бунча кўп касал бўласанлар?” дердилар. Ростан ҳам ёши катталар биз кўп касал бўлишимизни айтишади. Ўзим ва атрофимдаги тенгдошларимда кузатдим, ҳақиқатда бизда баъзи янгича касалликлар пайдо бўляпти. Уларни бирма-бир санаб ўтаман.

1. Номофобия
Бу касалликлар ҳақида ёзишга мени Englishlife.uz сайтида эълон қилинган мақола илҳомлантирди ўзи. Бу мақолада номофобия деган касаллик ҳақида ёзилган. Менимча, бу ҳаммамизнинг орамизда энг кенг тарқалган касаллик. 
“Номофобия (no-mobile-phone phobia) — смартфонларга ҳаддан ташқари боғланиб қолиш хасталиги. Баъзи одамларга телефони жирингламаса ҳам жиринглаётгандек туюлади. Бу ҳам технологияга қарамликнинг бир симптомидир.”
Постни ўқидим-у ўз ҳаётимда бўлган мисоллар эсимга туша бошлади. Эҳ, юқтириб “бўпман-ку”! 
Бир куни телефоним “заряд”и ўчиб қолди. Уни офисга ташлаб, тушлик қилишга чиқдим.  Официант, менимча, бир соатда чой олиб келди. Буюртма қилган тўрттагина сомсам келиши учун яна бир соат кетди, шекилли. Мен эса нимадиримни йўқотгандек эдим. Шу пайт “Telegram”да ўтирганимда ёки adme.ru мақолаларини ўқиб ўтирганимда вақт ўтганини ҳам билмай қолармидим. Баъзи зерикарли дарслар, узоқ қариндошларникидаги йиғинларда, автобус ёки таксида биз телефон экранларига тикилиб ўтирамиз. Бу замонавийликмас. Бу бандилик, хавфли дард!

2. Selfiemania
Ўтган куни бир дўстим “Малика”да энг кўп сотилаётган товарлардан бири селфи-стиклиги ҳақида кулиб гапираётган эди. Селфи қилиб, уни Facebook ёки Instagram’га қўймасдан туролмайдиганлар орамизда йўқ эмас. Ўзим ҳам ҳар ойда икки-учта селфига муаллифлик қиларканман. Твиттердаям аватарга селфимни қўйганман. “Ўзини олиш” барибир яхшимасда. Чойхонага борасиз. Ҳамма номофоблар ва селфиманлар ўша ерда йиғилган ўзи. Дийдор, тансиқ таом, гурунг қаерда қолди? Албатта, шу ерда ҳам жамоавий селфи қилмасдан иложи йўқ. 
Яқинда коллежда бирга ўқиган курсдошларим билан йиғилдик. Бир қиз бола курсдошим чиқиб кетиб, беш-ўн минутда қайтиб келди. Коллежда ҳам доим у билан хазиллашардик. “Ҳа, селфи қилиб келяпсанми?” дедим. Эшитганлар кулди. Хуллас, ҳожатхонада ҳам селфи, дарсда ҳам селфи.  
Ота-оналар билан селфи қилиш ҳам урфга кирди. Жириновский, Назарбоев, Рамзон Қодиров билан селфи. Энг ошиб тушгани эса марҳум шайх Муҳаммад Содиқ Муҳаммад Юсуф тобути ёнида селфи. 
Умуман олганда, селфичиларга адоватим йўқ, ўзим ҳам улардан бириман. Лекин ҳамма нарсада меъёр бўлиши керак-ку! 

3. Қисман дальтонизм
Бу ўша либос ҳақида! Февраль ойининг охирида интернетда ва бизнинг ўқишда роса шов-шув бўлган кўйлакни оқ ва тилларанг дейдиганлар қисман дальтоник! Уни кўк ва қора рангда кўрадиганларда ҳам дальтонизм бор! Хуллас, кийимнинг асл ранги илмий журналларда ҳам ёзилди. Менга эса оч ҳаворанг ва жигарранг кўринди бу кўйлак. Оқ ва тилларанг деяётганлар хазиллашаяпти деб ўйладим.

4. IELTSmania
Бу касаллик инглиз тилини ўрганаётган ёшлар орасида кенг тарқалган. Айниқса, Алишер Навоий номидаги Ўзбекистон Миллий кутубхонасида жуда кўп IELTSman’ларни учратасиз. Ўзи шу кутубхонада карантин эълон қилса ҳам бўлади. IELTS, TOEFL, SAT, GMAT ва бошқа халқаро имтиҳонларга қаттиқ тайёрланаётганларга раҳмим келади. Ҳаёт мазмунини юзлаб китоблар, подкаст ва видеолардан қидиради улар. Доим инглиз тилида гаплашиб юришади. Оддий гапларда турли мураккаб ибораларни ишлатиш орқали сунъий равишда ўз нутқларини ифодалироқ қилишга уринишади. Бу касалликнинг энг ёмон белгиларидан бири ўзбек тилида қуйидагича гапиришдир:
“Ман university’га bulletin учун request жўнатгандим. Кеча confirm қилишди. Кейин Cyprus University scholaship’и учун apply қилиш deadline’и extend қилинибди-ку!” 
Кўчада бекорчи юргандан кўра, ишкал қилиб, одамларга озор етказгандан кўра бу касалликка чалиниш яхшироқдир балки. Билмадим. IELTSманлар ҳеч қачон ўртача натижалардан қониқишдайди. Уларнинг мақсади максимум 9 балл (Инглиз тили она тилиси бўлганлардан ҳам камдан кам одам 9 оларкан) тўплаш мумкин бўлган имтиҳондан 7 ёки 7,5 олиш ва афсуски аксарият IELTSманларнинг хаёли чет элга кетишда. Чет элга кетиш васвасасига тушиш касаллик паталогиясининг энг фожеали босқичи, менимча. Бу ҳақда алоҳида блогпост қиламан, худо хоҳласа. 

5. Асабийликни бошқаролмаслик синдроми
Қулоғимизга наушниклар тақиб олиб, баланд овозда қўшиқ тинглаймиз. Ижтимоий тармоқларга кирамиз ва дўст-у душманларимизнинг позитивга бой постларидан ҳайратланамиз. Кимдир “La Terrace”да тушлик қилган, ким қиммат бутик кийимларни ўлчаб кўриш хонасида қиммат кийим билан селфи қилган, ким эса “Локомотив” боғидаги чархпалакда сайр қиляпти. Майли бировнинг бахтига қувонишга кўникиш мумкин. Ёзган постимизга иккитаси, тушунмай, билмай, коммент ёзади. Биз доимо стресс қуршовидамиз. Партада ўтириб, оёғини қимирлатиб ўтирмайдиган талабани, дўконда мижғов харидорларга қўполлик қилиб, ҳатто бақириб кетмайдиган ёш сотувчиларни топиш қийин бўлиб қолган. Асаблар, асаблар... Уларни асраш керак. “Здоровье” журналида ёзишларича... Хуллас, буёғини ўзингиз ҳам биласиз. 

Касалликлар рўйхатини тузиб чиқдим. Уларнинг давосини ёзмадим. Умуман олганда, бу мени қўлимдан келмайди ҳам. Табиийки, шунчаки ўзимизга, хатти-ҳаракатларимизга, саломатлигимизга эътиборли бўлишимиз керак. Маънавий соғлом бўлиш учун энг яхши профилактика ота-онамиз, катталар ўгитига қўл силтамаслик, одамгарчилик талабларига риоя қилиш ва албатта китоб ўқиш бўлади.